“YANGI O‘ZBЕKISTON STRATЕGIYASI” KITOBIDA KЕYINGI 5 YILLIKDA MAQSAD QILINGAN YANGI MARRALAR O‘Z AKSINI TOPGAN

15.09.2021

Samarqand viloyat transport boshqarmasida davlatimiz rahbari tomonidan chop etilgan “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Samarqand shahar kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur uchrashuvda partiya Samarqand shahar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari- apparat rahbari Xasan Xo‘jaqulov so‘zga chiqib, keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar “Hammasi xalq uchun” g‘oyasi ostida amalga oshirilayotganligi va bugun har bir fuqaro o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni his etayotganligini ta’kidlar ekan, davlatimiz rahbarining “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobida keyingi 5 yilda amalga oshiriladigan strategik yo‘l aniq va ravshan bayon etilganligini qayd etdi.

Tadbirda O’zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi bo‘lim mudiri Qodir Shoyimov so‘zga chiqib, “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobining mazmun-mohiyati, unda Yangi O‘zbekistonni, shuningdek, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish borasida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar, olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va maqsadi hamda ustuvor yo‘nalishlari, milliy taraqqiyot istiqbollari haqida fikr yuritilganligini ta’kidladi.

- Biz o‘tgan 5 yil davomida katta marralarni bosib o‘tdik. Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya, konvertatsiya masalalari, aholi murojaatlari bilan ishlash, ta’limni islohi qilish borasida erishgan yutuqlarimiz nafaqat xalqimiz balki dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda. “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobida davlatimiz rahbari tomonidan keyingi 5 yillikda maqsad qilingan yangi marralar o‘z aksini topgan,- dedi Qodir Shoyimov.

Tadbirda O’zLiDeP faollari partiyaning dasturiy maqsad va vazifalari haqida yig‘ilganlarga tushunchalar berdi.