YO`L HARAKATI QOIDALARINI BUZGAN HAYDOVCHI JAZOLANADI

05.10.2021

Joriy yilning 2-oktabr kuni facebook tarmog‘idagi "Новости Самарканда" kanalida Jahongir Narzikulov tomonidan 12-yo‘nalishidagi avtobusning yo‘l harakati qoidalarini buzganligi yuzasidan videomurojaat qoldirilgan.

Tasvirda ko‘rinadiki, holat joriy yilning 27-sentabr kuni sodir bo‘lgan. “Samarqand Hamkortrans” MCHJga tegishli 12-raqamli “Hazora ABB-M-39 beton yo‘li” yo‘nalishida harakatlanuvchi, davlat raqami 30/622 NAA bo‘lgan avtotransport vositasi Ibn Sino va Dahbed ko‘chalari kesishmasida qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelib chorrahaga to‘xtagan. Bu bilan yo‘l harakati qoidalarini buzib, boshqa transport vositalari harakatiga to‘sqinlik qilgan.

Ushbu holat yuzasidan “Samarqand Hamkortrans” MCHJda muhokama bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat transport boshqarmasi xodimlari sodir bo‘lgan holat yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borishdi. Boshqarma xodimlari haydovchi J.Boliyevning ongli ravishda yo‘l harakati qoidalarini buzishi oqibatida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlarni sanab o‘tdi. Bunda haydovchi ham yo‘lovchilarning, ham yo‘l harakati ishtirokchilarining hayotini xavf ostida qoldirgan.

Yuqoridagi kabi holat qayta takrorlanmasligi uchun transport boshqarmasi xodimlari tomonidan barcha haydovchilar o‘rtasida qattiq tartib-intizom o‘rnatish, o‘quv-seminarlari tashkil qilish taklifi berildi.

Muhokama jarayonida “Samarqand Hamkortrans” MCHJ mas’ullari tomonidan holatga jiddiy e’tibor berilishi, har bir haydovchi bilan alohida suhbat o‘tkazilishi, yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun haydovchiga ogohlantirish berilishi, agar yuqoridagi kabi holat qayta takrorlansa u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishgacha jazo qo‘llanishi ma’lum qilindi.

Shuningdek muhokama chog‘ida avtobuslarning sanitariya holati e’tibor qaratish, texnik ko‘rikdan o‘tishida loqaydlikka berilmaslik, yo‘lovchilar bilan samimiy munosabatda bo‘lish lozimligi ham ta’kidlandi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati