Yo`nalish jadvalini o`zgartiganligi uchun ogohlantirildi

Yo‘lovchi tashish faoliyatini tubdan takomillashtirish hamda tashuvlarda belgilangan sanitar qoidalarga hamda yo‘nalish jadvaliga amal qilish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Tashuvlarda sifat darajasini ko‘tarish esa davr talabidir.
Joriy yilning 4-noyabr kuni Facebook tarmog‘ining Samarkand City & Самарканд Сити guruhida “Avtobuslardagi asabbuzarliklarning adog‘i bormi?” sarlavhasi ostida tanqidiy maqola e’lon qilindi. Unda quyidagicha murojaat qoldirilgan: U nix yest liniya, po kotoroy im nado yexat, ili im mojno yezdit po malenkim pereulkam i lomat derevya, oni pryam kaskadyori toka, na avtobusax.
Mazkur murojaatni o‘rganish hamda takrorlanishining oldini olish maqsadida Samarqand viloyat transport boshqarmasi “Avtomobillarda tashuvlar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan nazorat qilish bo‘limi” inspektorlari 64-yo‘nalishda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi “Suxrobtransservis” XATU haydovchilari o‘rtasida tushuntirish - targ‘ibot ishlari olib borishdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda yuqoridagi e’tirozga sabab bo‘lgan holat sababchisi 30/745 EBA avtotransport vositasi haydovchisi D.Istamov bilan suhbatda holatga oydinlik kiritildi.
Aniqlanishicha, Samarqand shahrida keng obodonlashtirish, qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotganligi sababli 64-shahar avtobus yo‘nalishi jadvaliga asosan S.Ayniy ko‘chasi orqali Siyob avtoboshbekatiga harakatlanishi lozim. Ammo S.Ayniy ko‘chasidagi qurilish-ta’mirlash ishlari sababli katta tirbandlik yuzaga kelgan. Yo‘lovchilarning iltimosiga binoan tirbandlikdan qochish maqsadida haydovchi mahalla ichki ko‘chasi, ya’ni Samarqand shahar, Amur ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib yo‘nalish jadvalini buzgan. Olib borilgan tushuntirish ishlaridan so‘ng haydovchi o‘z aybini tan olib, bunday holat qayta takrorlanmasligini aytib o‘tdi.
Korxona rahbariyati tomonidan yo‘nalish jadvalini buzganligi uchun haydovchiga ogohlantirish berilib, ushbu holat takrorlangan tarzda qonunda belgilangan tartibda jazolanishi muqarrarligini ta’kidladi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati