Yo`nalishli taksi yoki avtobus: tanlash huquqi yo`lovchida

Aholining murojaatlariga jiddiy e’tibor qaratish, ularni joyiga chiqqan holda o‘rganish va ularga ijobiy yechim topish davlatimiz rahbariyati tomonidan jiddiy nazoratga olindi. Har bir murojaatning tagida inson taqdiri yotganligini hisobga olgan holda unga jiddiy e’tibor qaratish har bir davlat tashkiloti xodimi rahbaridan katta mas’uliyat talab qiladi. Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerakligini hisobga olsak, boshqaruv organlari rahbarlari har bir murojaatni atroflicha o‘rganib, unga yechim topish odatiy holga aylanishi lozim.
Samarqand tumani O‘rta Ohalik mahallasida yashovchi fuqaro M.Ibragimova bir guruh faollar nomidan “O‘rta Ohalik – Samarqand tuman markaziy shifoxonasi” yo‘nalishida qatnovchi yo‘nalishli taksilarning (Damas rusumli) yo‘l kira narxlarini qimmatligi yuzasidan viloyat hokimligiga telegram messenjeri orqali murojat qilgan. Mazkur murojaat joyiga chiqqan holda viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i I.Xamrayev tomonidan o‘rganildi. Muammoni tizimli hal qilish, uning asl ildizini topish maqsadida murojaatchilar hamda mazkur yo‘nalishda qatnovchi avotransport vositalarining haydovchilari hamda “Farmon F.” MCHJ rahbari A.Hamidov qatnashdi.
Bo‘lib o‘tgan o‘rganish jarayonida yuqorida qayd etilgan yo‘nalishda qatnovchi yo‘nalishli taksilarning narxi 4000 (to‘rt ming) so‘m ekanligi, o‘z xarajatlarini qoplamaganligi uchun avtobuslar tadbirkor tomonidan to‘xtatilganligi aniqlandi.
Men bu yerda kim haq, kim nohaqligini aniqlashga emas, yuzaga kelgan muammoni o‘zaro kelishuv asosida hal qilish uchun keldim. Ushbu yo‘nalishda 43 ta Damas rusumli avtotransport vositalari qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Bu degani 43 nafar fuqaro ish bilan band, ular yo‘lovchi tashish faoliyati orqali ro‘zg‘or tebratayapti. Ammo bu xohlagancha yo‘l kira narxini oshirish uchun sabab bo‘la olmaydi. Belgilangan tartib-qoida bor. Unga rioya qilish kerak. Bundan tashqari, birinchi navbatda xalqning fikrini inobatga olishimiz kerak, dedi viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i I.Xamraev.
Murojaatimizni transport boshqarmasi boshlig‘ining shaxsan o‘zi kelib o‘rganishini kutmagandik. Bizga hozirda yo‘lga qo‘yilgan Damaslar qatnovi ma’qul, faqatgina yo‘l kira narxini 4000 (to‘rt ming) emas, 3000 (uch ming) qilib belgilash kerak. Keksalar, ijtimoiy kam ta’minlangan oilalar, talabalar, maktab o‘quvchilarini ham hisobga olish kerak. Agar avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilsa, yanada yaxshiroq bo‘lardi, dedi O‘rta Ohalik mahallasi faollaridan N.Sharopova.
Murojaatchilar hamda tashuvchi korxona rahbar va xodimlari kelib chiqqan muammoli vaziyat yuzasidan fikr bildirib, masalaga yechim topildi. Tomonlar “O‘rta Ohalik – Samarqand tuman markaziy shifoxonasi” yo‘nalishida qatnovchi yo‘nalishli taksilarning narxi 3000 qilib belgilash borasida kelishuvga erishdi. Shu bilan birgalikda “Aziz avtoyo‘lovchi trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 365 raqamli “O‘rta Ohalik mahallasi – Samarqand tuman markaziy shifoxonasi” shahar atrofi yo‘nalishida avtobus qatnovini tiklash taklifi ham o‘rtaga tashlandi. Taklif ma’qullanib, hozirda ushbu yo‘nalishda sinov tariqasida avtobus qatnovi ham yo‘lga qo‘yildi. Avotobus yoki yo`nalishli taksi - tanlash imkoniyati yo`lovchiga qoldirildi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati