Yo`nalishli taksilar faoliyati nazoratda

17.09.2021

Jamoat transportida karantin qoidalariga qat’iy rioya qilinishini nazoratga olish, haydovchi va yo‘lovchilar o‘rtasida keng qamrovli tushuntirish targ‘ibot ishlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida viloyat transport boshqarmasi “Avtomobillarda tashuvlar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan nazorat qilish bo‘limi” inspektorlari Samarqand shahrini tumanlar bilan bog‘lovchi yo‘nalishlarda yo‘nalishli taksi (Damas, Mikroavtobus) lar faoliyati yuzasidan nazorat tadbirlari olib borishdi.

Unda yo‘lovchilar o‘rtasida karantin qoidalariga qat’iy amal qilishni targ‘ib qilish bilan birgalikda yo‘nalishli taksilarning me’yoriy hujjatlari ham ko‘zdan kechirildi. Yo‘l varaqasi, yo‘lovchi tashish faoliyatiga ruxsat beruvchi litsenziya, yo‘nalish sxemasi shular jumlasidandir. Tegishli hujjatlarga ega bo‘lmasdan yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yo‘nalishli taksi haydovchilariga belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirib, kelgusida bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik choralari belgilandi.

Ayniqsa, nazorat tadbirlari davomida avtotransport vositalarining dezinfeksiya jarayoni, sanitar holati ko‘zdan kechirilib, haydovchilarga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf qilish vazifasi yuklandi. Yo‘lovchilarning noroziligiga sabab bo‘luvchi omillarni keltirib chiqarmaslik, faoliyat davomida belgilangan tartib-qoidalarga amal qilishi yuzasidan tavsiyalar berildi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati