Yo‘lovchi tashish sohasi hamisha tartib-intizom va tozalikni talab qiladi


Yo‘lovchi tashish sohasi hamisha tartib-intizom va tozalikni talab qiladi. Avtotransport vositasining tozaligi, haydovchining tashqi ko‘rinishi, muomala madaniyati hamda hudud xaritasini yaxshi bilishi mijozlarning olqishiga sazovor bo‘ladi. Aks holda, yo`lovchilarning e’tiroziga sababchi bo‘lishi aniq.
Tashuvlarda sifat darajasini ko‘tarish maqsadida Samarqand viloyat transport boshqarmasi hamda viloyat IIB YHXB xodimlari tomonidan yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish, xizmat sifatini oshirish hamda noqonuniy yo‘lovchi tashish faoliyatiga barham berish maqsadida nazorat tadbirlari olib borilayotir. Unda sanitariya-gigiyena qoidalari, tibbiy va texnik ko‘rikdan o‘tganligi tasdiqlovchi hujjatlarning mavjudligi, noqonuniy odam tashish kabi holatlar aniqlanganda tegishli tartibda hujjat rasmiylashtirilmoqda.
Shuningdek, nazorat tadbirlari davomida noqonuniy yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-maydagi “Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini tartibga solishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori ijrosi yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Bunda yakka tartibdagi tadbirkorlarga hamda yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilarga yo‘lovchi tashish sohasida berilgan imkoniyatlar tushuntirib o‘tilmoqda.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati