Yo‘lovchi tashish sohasida faoliyat olib borish istagida bo‘lgan tadbirkorlar diqqatiga!

21.09.2022

Hurmatli tadbirkorlar! 2022-yil 25-oktabr kuni Samarqand viloyati hududidagi shahar va shahar atrofi yo‘nalishlarni biriktirish bo‘yicha elektron tarzda OCHIQ TЕNDЕR O‘TKAZILADI. Ushbu OCHIQ TЕNDЕR tanlovida quyidagi yo‘nalishlarga taklif berishungiz mumkin.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-dekabrdagi “Avtomobil transportida yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari bo‘yicha ochiq tenderlarni elektron tarzda tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 738-sonli qarori talablariga muvofiq shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro yo‘lovchilar tashish yo‘nalishlarini biriktirish yuzasidan ochiq tenderlar faqat elektron axborot tizimi orqali o‘tkaziladi. Tenderda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tgan, tegishli ravishda avtomobil transportida shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro yo‘lovchilar tashuvlarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan hamda elektron axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslarning qatnashishiga yo‘l qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-dekabrdagi 738-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Shahar, shahar atrofi, shaharlararo (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar ichida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlararo) va xalqaro yo‘nalishlarni biriktirish bo‘yicha ochiq tenderlarni elektron tarzda tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida NIZOM”ga muvofiq:

- Tenderda qatnashish uchun takliflar talabgorlar tomonidan axborot tizimi (e-tender.uztrans.uz) orqali taqdim etiladi;

- Aynan bitta avtotransport vositasi bir vaqtning o‘zida bir nechta tugallanmagan lotlarga hamda amaldagi shartnomaga muvofiq yo‘nalishga biriktirilgan avtotransport vositalarining tender taklifi sifatida axborot tizimiga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi (shartnomaning amal qilish muddati tugashiga oltmish va undan kam kun qolganida mazkur shartnomada ko‘rsatilgan avtotransportlarning axborot tizimiga kiritilishiga yo‘l qo‘yiladi).

Talabgor tender takliflarini taqdim etishi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 foizi (90 000 so‘m) miqdorida to‘lovni O‘zbekiston Respublikasi Transport Vazirligi hisob raqamiga (ATB “Ipoteka bank” Chilonzor bo‘limi, h/r: 4014108604262773422967279, bank kodi 00997, STIR: 202811527) o‘tkazib, o‘z tender takliflarini axborot tizimi (e-tender.uztrans.uz) orqali taqdim etishi kerak.

Tender takliflari elektron tarzda belgilangan vaqtgacha topshirilishi ma’lum qilinadi.

Tender takliflari taqdim etilganidan keyin qatnashchilar ularga tuzatish kiritish huquqiga ega emas.

Qatnashchilardan tender bo‘yicha kelib tushgan takliflar axborot tizimi orqali avtomatik tarzda baholanadi.

Samarqand viloyati hududida tenderlarni tashkillashtirish bo‘yicha vakolatli organ O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Samarqand viloyati transport boshqarmasi hisoblanadi.

Ma’lumot uchun telefon: (+998 71) 202-05-00(234).

Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati