Yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish davr talabi

12.09.2023
 
Jamoat transporti bilan bog‘liq murojaatlarni bartaraf qilish, yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishni tashkil qilish maqsadida tashuvchi korxonalar rahbarlari ishtirokida holat muhokama qilindi.
Unda birinchi navbatda viloyat hokimining tegishli qaroriga asosan, yo‘lovchi yo‘l kira haqini naqd yoki ATTO kartalari bilan to‘lovni amalga oshirganda farq belgilanganligi aytib o‘tildi. Bunda ayrim yo‘nalishdagi avtobuslarda validatorlarning ishlamasligi, buning natijasida jamoat transportiga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘layotganligi, murojaatlar ortib borayotganligi tahlil qilinib, tashuvchi korxona rahbarlari jiddiy ogohlantirildi.
Muammolar yuzaga kelmasligi uchun elektron to‘lov uchun mo‘ljallangan validatorlarning doimiy ishlashini ta’minlash bo‘yicha barcha birdek vazifador qilindi.
Shuningdek, muhokama davomida avtobuslarning texnik ko‘rikdan o‘tkazishda loqaydlikka yo‘l qo‘ymaslik, tozalikka e’tibor qaratish, salondagi o‘rindiqlarni tartibga keltirish, toza, ozoda saqlash, haydovchilarning tashqi ko‘rinishi, kiyinish madaniyati, salonda tamaki mahsulotlarini iste’mol qilmasligi, yo‘lovchilar bilan xushmuomalada bo‘lishi eng muhim vazifalardan ekanligi ta’kidlandi.
Kamchiliklarni barataraf qilmasdan loqaydlikka yo‘l qo‘ygan avtokorxonalarga jiddiy chora ko‘rilishi ma’lum qilindi.