Yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishni tashkil qilish muhim vazifa hisoblanadi

13.04.2022

Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda jamoat transporti bilan bog‘liq murojaatlar ko‘payib bormoqda. Yuzaga kelayotgan muammolarning oldini olish, yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishni tashkil qilish maqsadida Samarqand viloyati transport boshqarmasida viloyat IIB YHXB hamda transport boshqarmasi mutasaddilari, shuningdek yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan korxonalar rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda jamoat transportida texnika xavfsizligiga e’tiborning susayganligi, ko‘rsatilayotgan xizmat sifatining pasayishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Avtobuslarning texnik ko‘rikdan o‘tkazishda loqaydlikka yo‘l qo‘yilayotganligi, tozalikka e’tibor berilmayotganligi, salondagi o‘tirgichlar yetishmasligi, ularning qoplamalari yirtilib ketganligi yaqqol misollar orqali tahlil qilindi.

 

Eng xavotirli tomoni harakat vaqtida avtobus eshiklarini ochiq qoldirish natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olish naqadar muhim ekanligi ta’kidlandi.

Hozirgi aytib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf qilish uchun katta mablag‘ talab qilinmaydi faqatgina xohish bo‘lsa bo‘lgani, dedi transnport boshqarmasi boshlig‘i I.Xamraev.

Yig‘ilishda haydovchilarning tashqi ko‘rinishi, kiyinish madaniyati, salonda tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish yoki qilmasligi, yo‘lovchilar bilan xushmuomalada bo‘lishi, qaytimlarni o‘z vaqtida to‘liq qaytarilishi, trafaretlarning belgilangan tartibda yozilishi, avtobuslarning ichki va tashqi jihatdan tozaligi, o‘tirgichlarning ahvoli, avtotransport vositalarining texnik jihatlariga jiddiy e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi. Kamchiliklarni barataraf qilmasdan loqaydlikka yo‘l qo‘ygan avtokorxonalarga jiddiy chora ko‘rilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, avtotransport sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlariga har bir avtobus avtosaroyda saqlanishi, yo‘nalishga chiqishdan oldingi tibbiy va texnik ko‘rikka jiddiy e’tibor qaratish vazifasi yuklandi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati