0%ga kattalashtirish
0% ga kattalashtirish
RASMIY MUNOSABAT
Ijtimoiy tarmoqlarda maktabga ketayotgan o‘quvchilarini pul to‘lamaganligi uchun avtobusga chiqarmaganligi aks etgan videoxabar tarqaldi.
Holat joriy yilning 3-sentyabr kuni Paxtachi tumanidagi Fay mahallasi Nazarobod qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Nurobod tumani Saxoba mahallasidan Ziyovuddin shaharchasiga qatnovchi xususiy avtobus egasi maktabga ketayotgan o‘quvchilarni avtobusga mindirmagan.
Ushbu holat Samarqand viloyati hokimligi tomonidan nazoratga olindi.
Mazkur mahalladan 19 nafar o‘quvchi Paxtachi tumanidagi 28-umumta’lim maktabiga, 3-nafar o‘quvchi esa tumandagi 34-umumta’lim maktabiga qatnaydi.
O‘quvchilarni mindirmagan “Oqtosh-Shaxzod trans” MCHJga qarashli davlat raqami 30 E 881HB “Saxoba-Oqtosh” yo‘nalishida harakatlanuvchi avtobus haydovchisi Musurmon Bobojonov jamiyatning 2025-yil 4-sentyabrdagi №15-sonli buyrug‘iga asosan lavozimidan ozod etilgan.
Bugun kunning ikkinchi yarmidan boshlab bu o‘quvchilarning maktabga borib kelishlari uchun bepul avtobus harakati yo‘lga qo‘yilganligini maʼlum qilamiz.
Afsuski, bunday kamchiliklar uchrab turibdi. Viloyat rahbari ushbu muammoli holatni yoritgan va uning yechimiga hissa qo‘shgan ijtimoiy tarmoq faollariga minnatdorchilik bildiradi.
Bundan keyin ham har bir murojaatni tezkorlik bilan hal etishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Viloyat hokimligi axborot xizmati