E’tirozga sabab bo‘lgan xatti-harakatlar tanqidiy-tahlil etildi
#Munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda shahar jamoat transporti bilan bog‘liq bir necha murojaatlar tarqaldi. Mazkur murojaatlar yuzasidan Samarqand viloyati Transport boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi:
Isuzu rusumli avtobuslar qachon yangilanadi?
Xabaringiz bor, Samarqand shahar jamoat transportini rivojlantirish borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, birinchi navbatda Samarqand shahar transport infratuzilmasini rivojlantirish Bosh rejasi ishlab chiqildi. Unda shahar jamoat transportida mavjud bir-birini takrorlovchi yo‘nalishlar optimallashtirilib, yaxlit tarzda 43 ta yo‘nalish shakllantirildi. Mazkur rejada belgilangan yo‘nalishlarga joylashtirish maqsadida 300 ga yaqin yangi, zamonaviy talablar asosida jihozlangan avtobuslar xarid qilinib, 23 ta yo‘nalishda “brutto-shartnoma”si tizimi talablariga muvofiq xizmat ko‘rsatish tashkil etildi. Jamoat transporti uchun xarid qilingan avtobuslarning 100 tasi ekologik toza transport turi hisoblangan elektrobuslardir.
Samarqand shahar transport Bosh rejasidan o‘rin olgan hamda aholi talabidan kelib chiqib, yo‘nalishlardagi transport vositalarini yangilash maqsadida yana qo‘shimcha 300 ga yaqin avtobus xarid qilish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda shahar jamoat transporti tarkibini to‘liq yangilash maqsadida mahalliy va xorijiy moliya institutlari ishtirokida yangi avtobuslar xaridi borasida muzokaralar olib borilmoqda.
Avtobuslar xaridi borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan sahifalarimizda ma’lumot berib boramiz.
Haydovchilik madaniyati yoki jamoat transportida xizmat sifatini oshirish
Jamoat transportida xizmat sifatini oshirish, haydovchi va yo‘lovchilar o‘rtasida kelib chiqayotgan har qanday salbiy munosabatlarga barham berish maqsadida aholi e’tiroziga sabab bo‘lgan 4 va 64-sonli yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatuvchi “Toxir R” hamda “Suxrobtransservis XATU” MChJda ijtimoiy tarmoqlar orqali kelgan murojaatlar muhokama qilindi. Unda murojaatda qayd etilgan e’tirozlar bo‘yicha haydovchilarning xatti-harakatlari tanqidiy-tahlil etildi. Yo‘lovchilarning haqli e’tiroziga sabab bo‘ladigan har qanday holatga barham berish yuzasidan barcha birdek ogohlantirildi. Korxona rahbariyatiga tashuvlarda xizmat sifatini oshirish maqsadida har bir haydovchiga qo‘shimcha yo‘riqnoma o‘tkazish vazifasi yuklatildi.
Holat takrorlangan taqdirda haydovchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish bo‘yicha korxona rahbariyati tomonidan haydovchilar ogohlantirildi.
Yo‘lkira haqini naqd pulda to‘lash amaliyotidan butkul voz kechiladi
Samarqand shahrida jamoat transportida xizmat sifatini yanada oshirish maqsadida haydovchilarni avtobus boshqaruvidan boshqa vazifalardan ozod qilish masalasi qayta ko‘rib chiqildi.
Sohada yashirin iqtisodiyotning oldini olish, tashuvlarda sifat darajasini yuqori o‘rinlarga ko‘tarish maqsadida yo‘lkira haqini naqd pulda to‘lash amaliyotidan voz kechish borasida yakuniy xulosaga kelindi. Tez orada shahar jamoat transportida to‘liq elektron to‘lov tizimiga o‘tkaziladi. Buning uchun birinchi navbatda yo‘lovchilarga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida avtobuslar validatorlar bilan ta’minlandi. Bekatlar va unga yaqin hududlarga hamda aholi gavjum nuqtalarga QR kodli chiptalarni sotib olish uchun infokiosklar o‘rnatildi.
Shu o‘rinda jamoat transporti foydalanuvchilaridan to‘lovlarni elektron tarzda amalga oshirish imkonini beruvchi ATTO yagona transport kartasi yoki bank plastik kartalarini rasmiylashtirishlarini va so‘rab qolamiz. Shuningdek, farzandlari maktab yoki boshqa ta’lim dargohlariga jamoat transportida qatnovchi ota-onalarga ular uchun maxsus o‘quvchi ATTO yagona transport kartasini xarid qilishni tavsiya etamiz.
Samarqand shahar jamoat transportida jamoatchilik nazoratini o‘rnatgan va undagi muammolarni xolis yoritib bergan barchaga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz.