Avtobus yo‘nalishlarini yondosh hududlargacha uzaytirish bo‘yicha o‘rganishlar davom etmoqda

Chop etish Sahifani ulashish
03.08.2026 105 Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-iyundagi “Shahar yo‘lovchi transporti tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 276-son qaroriga muvofiq, 2004-yil 4-noyabrdagi 482-son qarorga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Mazkur o‘zgartirishlarga ko‘ra, shahar avtobus yo‘nalishlarini shahar chetidan 5 kilometrgacha, shuningdek, tasdiqlangan transport Bosh rejasiga muvofiq 12 kilometrgacha yondosh hududlarga uzaytirishga ruxsat berildi.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash hamda Samarqand shahrining transport Bosh rejasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida navbatdagi o‘rganish ishlari olib borildi.

Samarqand viloyati Transport boshqarmasi boshlig‘i R. Tojiyev boshchiligida mutasaddilar M2, M4, M12, 31 va 70-sonli avtobus yo‘nalishlari bo‘ylab joyiga chiqib, yo‘llarning texnik holati hamda yangi qatnovlarni tashkil etish imkoniyatlarini o‘rgandilar.

Shuningdek, o‘rganishlar davomida yo‘nalishlar bo‘ylab yangi bekatlarni o‘rnatish, mavjud bekatlarni zamonaviy talablar asosida jihozlash va bu boradagi ishlarni vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda jadallashtirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Mazkur ishlar aholiga yanada qulay, xavfsiz va uzluksiz jamoat transporti xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek, yondosh hududlarning transport qamrovini kengaytirishga xizmat qiladi.