Chiptachilarning chorlovlari qachon barham topadi?

Chop etish Sahifani ulashish
30.09.2025 39 Yangiliklar

#Munosabat

 Joriy yilning 27-sentabr sanasida Zarnews.uz saytida shahar avtobus yo‘nalishlarida harakatlanuvchi transport vositalaridagi kamchiliklar yuzasidan murojaat e’lon qilindi.

 Mazkur murojaat yuzasidan Samarqand viloyati transport boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi:

 Samarqand shahar jamoat transporti tizimida xizmat sifatini yaxshilash borasida sezilarli darajada ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Birinchi navbatda yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalarining tarkibini yangi avtobuslar bilan to‘ldirish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunga qadar 250dan ortiq zamonaviy talablar asosida jihozlangan transport vositalari xarid qilindi va yo‘nalishlarda aholi xizmati chiqarildi. Shuningdek, aholiga qulayliklar yaratish, sohada yashirin iqtisodiyotning oldini olish maqsadida yo‘nalishlardagi avtobuslarga elektron to‘lov uchun mo‘ljallangan validatorlar o‘rnatildi.

 Jamoat transportining jozibadorligini oshirish, xizmat sifatini yaxshilash maqsadida yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari bilan Brutto-shartnomalari imzolandi. Bu tizimning qulayligi shundaki, jamoat transportining harakati dispetcherlik va monitoring markazi orqali to‘liq kuzatuv ostiga olinadi. Ko‘rsatilgan xizmat sifati asosida moliyalashtirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Avtobuslarning harakatlanishi 6.00dan kech 21-21.30 gacha etib, qat’iy etib belgilandi.

 Biroq, sohadagi yangiliklar qatori ayrim muammolar ham ko‘zga tashlanib qolmoqda. Haydovchilarning muomala madaniyati, o‘zini tutishi, o‘zlariga yordamchi yollashi, ushbu “yordamchilar”ning baqir-chaqiri kabi noo‘rin amallar kuzatilayotganligi ayni haqiqat. Jamoat transportida xizmat sifatini oshirish, uning belgilangan talab darajasida ishlashini ta’minlash maqsadida viloyat Transport boshqarmasi berilgan vakolat doirasida doimiy ravishda tashuvchi korxonalarda xodimlar o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlarini yo‘lga qo‘ygan.

 Bundan tashqari, jamoat transportida naqd pul ortidan yuzaga kelayotgan muammolarga barham berish maqsadida to‘liq elektron to‘lov tizimiga o‘tishni rejalashtirgan. Hozirda yo‘lkira haqini naqd pulda to‘lashni ixtiyor etgan yo‘lovchilar uchun barcha bekatlarda chipta o‘rnini bosuvchi chek beruvchi qurilmalar o‘rnatish bo‘yicha hamkor tashkilotlar bilan birgalikda amaliy ishlar olib borilmoqda.

 Kezi kelganda jamoat transport foydalanuvchilariga murojaat qilmoqchimiz: hurmatli samarqandliklar va shahrimiz mehmonlari! Jamoat transportidan foydalanganda yo‘lkira haqini elektron tarzda amalga oshiring. Agar elektron to‘lov tizimidan foydalanish imkoni bo‘lmasa, berilgan naqd pul uchun chipta talab qiling! Bu bilan jamoat transporti rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan bo‘lasiz. Shuningdek, yo‘lkira haqi uchun chipta olish “yollanma konduktorlar” faoliyatiga barham beradi. 

 Samarqand viloyati Transport boshqarmasi jamoatchilik nazorati orqali sohadagi muammolarni yoritgan mehnat faxriysi Yo‘ldosh Suyunovga minnatdorlik bildiradi.