E’tirozga sabab bo‘lgan xatti-harakatlar tanqidiy-tahlil etildi

Chop etish Sahifani ulashish
14.11.2025 3 Yangiliklar

#Munosabat

 

Ijtimoiy tarmoqlarda 71-sonli “Siyob ABB-So‘g‘diyona istirohat bog‘i” shahar avtobus yo‘nalishida harakatlanuvchi, davlat raqami 30/591 YAA bo‘lgan transport vositasida yo‘lovchilarga qo‘pol munosabatda bo‘linganligi yuzasidan murojaat tarqaldi.

 Mazkur holat viloyat Transport boshqarmasi tomonidan nazoratga olinib, tegishli tartibda tushuntirish ishlari olib borildi.

 Jamoat transportida xizmat sifatini oshirish, haydovchi va yo‘lovchilar o‘rtasida kelib chiqayotgan har qanday salbiy munosabatlarga barham berish maqsadida mazkur yo‘nalishda xizmat ko‘rsatuvchi “Samarqand Hamkor Trans” MChJda holat muhokama qilindi. Unda murojaatda qayd etilgan holat bo‘yicha haydovchi va uning tomonidan yollangan yordamchisining xatti-harakatlari tanqidiy-tahlil etildi. Yo‘lovchilarning haqli e’tiroziga sabab bo‘ladigan har qanday holatga barham berish yuzasidan barcha birdek ogohlantirildi. Korxona rahbariyatiga tashuvlarda xizmat sifatini oshirish maqsadida har bir haydovchiga qo‘shimcha yo‘riqnoma o‘tkazish vazifasi yuklatildi.

Shu o‘rinda Samarqand shahar jamoat transportida jamoatchilik nazoratini o‘rnatgan va unda xizmat sifatini oshirish uchun muammoni xolis yoritib bergan barchaga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz.