Samarqand shahridagi 6, 12, 17, 71 hamda 99-sonli yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatuvchi “Samarqand Hamkor Trans” MChJda korxona rahbariyati hamda haydovchilar o‘rtasida tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda tashuvlarda mas’uliyatni oshirish, amaldagi qonunchilik va belgilangan talablarning qat’iy bajarilishini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda yo‘lkira haqini elektron tarzda qabul qilish amaliyoti joriy etilganiga qaramay, ayrim haydovchilar tomonidan naqd pul qabul qilish holatlari kuzatilayotgani tanqid qilindi.
Shuningdek, korxona rahbariyatiga haydovchilarning tashqi ko‘rinishi va muomala madaniyati, transport vositalarining kunlik texnik ko‘rigi, haydovchilarning tibbiy ko‘rigi hamda yo‘nalish chizmasiga qat’iy rioya etilishi bo‘yicha nazoratni kuchaytirish topshirildi.
O‘tkazilgan tanqidiy yig‘ilishdan asosiy maqsad — Samarqand shahrida jamoat transporti xizmatlari sifatini oshirish, yo‘lovchilar uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratish hamda aholining jamoat transportidan foydalanishdan qoniqish darajasini yanada yaxshilashdan iborat.
Yo‘lovchilarga eslatma: yo‘lkira haqini naqd pulda to‘lab, safar uchun asoslovchi elektron yoki QR-kodli chipta olmagan yo‘lovchi nazorat vaqtida javobgarlikka tortilishi mumkin.
Qoidalar — barchamiz uchun bir xil!
Jamoat transportidan foydalanishda belgilangan tartiblarga rioya qilish — har birimizning mas’uliyatimiz.
Yo‘lkirangizni to‘g‘ri to‘lang — xavfsiz va qulay harakatlaning!