KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH — USTUVOR VAZIFA

Chop etish Sahifani ulashish
29.07.2026 44 Yangiliklar

Bugungi kunda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi murosasiz kurashish hamda davlat xizmatlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash barcha davlat tashkilotlari qatori transport sohasida ham muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, boshqarma faoliyatida qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy bilim va mas’uliyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Transport xizmatlarini ko‘rsatishda inson omilini kamaytirish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, murojaatlarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqish hamda fuqarolar uchun qulay va shaffof xizmat ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirish, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga barham berish maqsadida boshqarmada kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida Samarqand viloyati transport boshqarmasining Korrupsiyaga qarshi kurashish-komplayens xizmati mas’ul xodimi S. Saliyev so‘zga chiqib, korrupsiyaga qarshi kurashishning samaradorligi, avvalo, har bir xodimning qonunlarga qat’iy rioya qilishi, xizmat vazifalarini halol va vijdonan bajarishi hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni o‘z vaqtida aniqlash va ularning oldini olishga mas’uliyat bilan yondashishiga bog‘liqligini ta’kidladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish — faqatgina korrupsiyaviy holatlar sodir bo‘lgandan keyin chora ko‘rish emas, balki bunday holatlarning oldini olish, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etishdan iborat. Shu bois, boshqarmada korrupsiyaga qarshi komplayens nazorat tizimini takomillashtirish, xodimlar o‘rtasida huquqiy madaniyat va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda xizmat faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Har bir xodim o‘z xizmat vazifasini bajarishda qonuniylik va halollik tamoyillariga amal qilishi, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga befarq bo‘lmasligi lozim, — dedi S. Saliyev.

Boshqarma xodimlariga xizmat vazifalarini bajarish jarayonida korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilmaslik, fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy huquq hamda manfaatlarini hurmat qilish yuzasidan muntazam ravishda tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish faqatgina davlat tashkilotlarining emas, balki jamiyatning har bir a’zosi, jumladan, transport sohasi vakillari, tashuvchilar va fuqarolarning ham umumiy vazifasidir. Zero, korrupsiyadan xoli muhitni shakllantirish orqali aholiga sifatli, xavfsiz va zamonaviy transport xizmatlarini ko‘rsatish uchun mustahkam zamin yaratiladi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lib, sohada qonuniylik, halollik va shaffoflik tamoyillarini ta’minlash borasidagi ishlarni izchil davom ettiradi.