RASMIY MUNOSABAT
Bugun, 10-sentabr kuni “Samarqand_live” Telegram kanalida “Rahbarga hamma narsa mumkinmi?” sarlavhasi ostida e’lon qilingan tanqidiy post yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi:
Joriy yilning 8-sentabr kuni boshqarma boshlig‘i hamda sohaga mas’ul mutaxassislar ishtirokida Samarqand shahrining jamoat transporti yetib bormagan hududlarida avtobus yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish va infratuzilmani yaxshilash maqsadida amaliy o‘rganish tadbiri o‘tkazildi.
O‘rganish jarayonida haydovchilarning kunlik og‘ir va mas’uliyatli mehnat jarayonini shaxsan his qilish, ularning amaliy muammolarini ichdan o‘rganish, yo‘l-ko‘cha tarmog‘ining qatnov qismi holati hamda zamonaviy elektrobuslarning texnik xususiyatlarini real boshqaruv rejimida tahlil qilish maqsadida boshqarma boshlig‘i transport boshqaruviga kirishgan.
Shu sababli boshqarma boshlig‘i bir necha yuz metr masofada elektrobus boshqaruviga o‘tirgan.
Alohida ta’kidlash joizki, boshqaruv vaqtida elektrobus salonida hech qanday yo‘lovchilar bo‘lmagan — faqatgina ishchi guruhning 5 nafar mas’ul xodimi kuzatuv olib borgan. Harakatlanish davomida xavfsizlik qoidalariga to‘liq rioya etilgan bo‘lib, hech qanday yo‘l-transport hodisasi yoki unga sharoit yaratuvchi xavfli vaziyat yuzaga kelmagan.
Ushbu kabi amaliy o‘rganishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — shahar jamoat transporti tizimini fuqarolar uchun yanada xavfsiz va qulay shaklga keltirishdan iborat.