Muassasaning shtat birligiga o‘zgartirish kiritilmagan

Chop etish Sahifani ulashish
18.08.2026 20 Yangiliklar

#Munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda (Facebook) “Zamonaviy transport korxonasining bankrot holatiga keltirilishi xiyonat emasmi?” sarlavhasi ostida tahliliy maqola eʼlon qilindi.

Unda “davlat muassasasida moliyaviy-xo‘jalik, kadrlar siyosatida muammolar mavjudligi, ularni hal etmay turib, DMning barqaror rivojlanishini ta’minlab bo‘lmasligi”, bundan tashqari, bir guruh haydovchilarning oylik maoshlarini vaqtida ololmayotgani yuzasidan fikrlar bildirilgan.

Avvalo, sohaga befarq bo‘lmaganligi uchun jurnalist T. Raxmatullayevga minnatdorlik bildiramiz.

 “Samarqandyo‘lovchitrans” davlat muassasasidan olingan ma’lumotlar hamda haydovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatga ko‘ra, xodimlar avgust oyigacha bo‘lgan oylik maoshlarini olishgan. Oylik maoshlar haydovchilarning ishlagan vaqtlariga nisbatan hisoblangan. Buxgalteriya ma’lumotlarida oylik ish haqqini kamaytirish holati qayd etilmagan. Shuningdek, muassasaning shtat birligiga o‘zgartirish kiritilmagan. Shu o‘rinda yana bir gap. Haydovchilarga muayyan summada oylik ish haqi belgilanmagan. Ishlagan soati asosida mehnatga haq to‘langan, ya’ni kim belgilangan ish soatlarini bajarsa, yuqori maosh oladi. O‘rtacha hisobda haydovchilar bir oy mobaynida 12 ish kuni uchun 7 000 000 (yetti million) so‘m atrofida oylik maosh olishgan. Bundan tashqari, dam olish va bayram kunlarida ishlagan haydovchilar uchun qonunchilikka binoan oshirilgan tartibda ish haqqi to‘lab berilgan. Haydovchilar uchun 2 kun dam olish, 1 ish kunidir.

Mazkur korxonaning moliyaviy hisob-kitoblari 2025-yil sentabr oyida Samarqand viloyat Davlat moliyaviy nazorati boshqarmasi, shuningdek, 2026-yil iyul oyida ichki audit taftishidan o‘tkazilgan bo‘lib, qonun buzilish holatlari aniqlanmagan.

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-yanvardagi “Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Samarqand shahar jamoat transporti uchun elektrobuslar xarid qilish va ular bilan bevosita bog‘liq infratuzilmani yaratish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining “Yashil shaharlar” loyihasi doirasida Samarqand shahriga 100 ta elektrobus olib kelindi hamda muntazam shahar yo‘nalishlariga “Brutto-shartnomasi” tizimi asosida joylashtirildi. 2026-yil yakuniga qadar loyiha doirasida 50 ta elektrobus olib kelinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, loyihaning 2-bosqichida Samarqand shahriga yana 250 ta elektrobus olib kelinishi kuzda tutilgan.

Xabaringiz bor, 2026-yil 1-may sanasidan boshlab Samarqand shahar jamoat transportida yo‘lkira to‘lovlari to‘liq elektron tartibda to‘lash tizimiga o‘tkazildi. Bunda birinchi navbatda sohada yashirin iqtisodiyotning oldini olish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, haydovchilarni ortiqcha vazifalardan ozod qilib, faqatgina belgilangan grafik asosida yo‘l harakati qoidalariga e’tibor qaratishi belgilab qo‘yilgan. Tushumlar hamda yo‘lovchilar tomonidan yo‘lkirani to‘lashni nazorat qilish Transport vazirligi huzuridagi transport nazorati inspeksiyasi hamda Samarqand yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish inspektorlari zimmasiga yuklatilgan. 2026-yil may-iyul oylarida Samarqand shahrida jamoat transportida yo‘lkira haqini to‘lamagan 3000 ga yo‘lovchiga ma’muriy bayonnomalar tuzilgan va nazorat tadbirlari davom etmoqda. Shuningdek, yo‘lkira haqini naqd shaklda qabul qilgan haydovchilarga ham ma’muriy bayonnomalar tuzilib, tegishli tartibda tushuntirish-tashviqot ishlari yo‘lga qo‘yilgan.