Viloyat transport boshqarmasi mas’ullari Samarqand shahar 6-sonli texnikumida tahsil olayotgan yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi.
Bugungi kunda yoshlarning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning zamonaviy kasb va ko‘nikmalarni egallashi, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Uchrashuv davomida transport va logistika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohada zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, xizmatlar sifatini oshirish hamda raqamli boshqaruv tizimlarini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida fikr almashildi.
Muloqotda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlardan samarali foydalanish, puxta bilim va amaliy ko‘nikmalarni egallash, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish hamda kelgusida transport va logistika sohasining rivojiga munosib hissa qo‘shish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, transport va logistika sohasini raqamlashtirish, yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlarini takomillashtirish, harakat xavfsizligini ta’minlash hamda aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirishda yoshlarning innovatsion g‘oyalari va kreativ yondashuvlari muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Samimiy suhbat davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan savollar berib, soha rivojiga oid taklif va tashabbuslarini bildirdilar. Xususan, amaliyot o‘tash, zamonaviy transport tizimlari bilan yaqindan tanishish, kelgusida ish bilan ta’minlanish, kasbiy malakani oshirish hamda yosh mutaxassislar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Yoshlarning har bir taklifi va murojaati mas’ullar tomonidan atroflicha tinglanib, bildirilgan masalalarni o‘rganish va ularning amaliy yechimini ta’minlash yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.
Muloqot yakunida yoshlar o‘z fikr va tashabbuslarini erkin ifoda etishi, ularning takliflari amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlanishi hamda yosh mutaxassislarning transport sohasidagi islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash muhim vazifa ekani ta’kidlandi.
Bunday ochiq muloqotlar yoshlar bilan bevosita fikr almashish, ularning muammo va takliflarini o‘rganish, shuningdek, transport va logistika sohasi uchun kelajakdagi malakali kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.