Samarqand shahar jamoat transporti uchun yana 8 ta yangi avtobus xarid qilindi

Chop etish Sahifani ulashish
28.08.2025 75 Yangiliklar

Samarqand shahar jamoat transportining jozibadorligini oshirish, ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqish, aholi uchun qulay bo‘lgan transport turini taklif etish maqsadida shahar yo‘nalishlaridagi transport vositalari zamonaviy talablar asosida jihozlangan avtobuslarga almashtirib borilmoqda. Jumladan, bugungi kunga qadar dunyoning yetakchi avtozavodlarida ishlab chiqarilgan 258 ta avtobuslar xarid qilinib, yo‘lovchilar xizmatiga chiqarildi. Mazkur avtobuslarning yo‘nalishlarga chiqarilishi barobarida xizmat sifati ham yangilanib bormoqda. Jamoat transportida xizmat sifatining oshirilishi o‘z o‘rnida aholiga manzur kelmoqda.

 

Aholining transportga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, jamoat transporti yetib bormagan hududlarni qamrab olish maqsadida Samarqand shahar jamoat transporti uchun yana 8 ta yangi avtobus xarid qilindi.

 

“Sevinch Trans Servis” MCHJ tomonidan "UZBEK LEASING INTERNATIONAL A.O.’’ AJ bilan tuzilgan shartnomaga asosan lizing mablag‘lari hisobiga 8 ta avtobus xarid qilinib, shahar yo‘nalishlaridan o‘rin olgan yo‘nalishga chiqarildi. Ushbu ISUZI rusumli SAZ HC 4551 markali avtobuslar «Samarqand avtomobil zavodi» MCHJ QK tomonidan ishlab chiqarilgan. Mazkur avtobuslar to‘liq zamonaviy talablar asosida jihozlangan. Avtobus salonida isitish-sovitish tizimi mavjud, shuningdek, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun pandus hamda alohida joy ajratilgan. Xavfsizlik nuqtayi nazaridan avtobus salonida kuzatuv kameralari hamda elektron to‘lov validatorlari, xavotir tugmasi, mobil qurilmalarni quvvatlash uchun USB porti, avtobuslar harakatini kuzatib borish uchun GPS qurilmasi o‘rnatilgan.

 

Mazkur avtobuslarning xarid qilinishi hamda yo‘nalishlarga chiqarilishi natijasida korxona tomonidan qo‘shimcha 20 ta ish o‘rni yaratildi.