Samarqand shahar jamoat transportida elektron to‘lov tizimi bo‘yicha nazorat kuchaytiriladi

Chop etish Sahifani ulashish
21.09.2026 7 Yangiliklar

Samarqand shahar jamoat transportida elektron to‘lov tizimi bo‘yicha nazorat kuchaytiriladi

Xabaringiz bor, Samarqand shahar jamoat transportida yo‘lkira haqini to‘lashning to‘liq elektron tizimi joriy etilgan. Shunga qaramay, o‘tkazilgan kuzatuvlar davomida ayrim yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatuvchi haydovchilar tomonidan yo‘lkira haqini naqd shaklda qabul qilish holatlari hamon uchrayotgani aniqlandi.

Mazkur holatlarga barham berish, jamoat transportida yashirin iqtisodiyotning oldini olish, shuningdek, haydovchilarni avtobus boshqaruvidan boshqa vazifalarga chalg‘itmaslik va transport xizmatlari sifatini yanada oshirish maqsadida Samarqand viloyati transport boshqarmasida tashuvchi korxonalar rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda boshqarma boshlig‘i R.Tojiyev ishtirok etib, jamoat transportida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash, haydovchilarning mas’uliyatini kuchaytirish hamda elektron to‘lov tizimidan belgilangan tartibda foydalanishni ta’minlash yuzasidan tegishli fikr va takliflarini bildirdi.

Yig‘ilish davomida tashuvchi korxonalar rahbarlariga quyidagi vazifalar belgilab berildi:

shahar jamoat transportida “Sirli mijoz” tartibida monitoring ishlarini muntazam tashkil etish;

sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan talablarning bajarilishini qat’iy nazoratga olish;

avtobus, elektrobus va tramvaylarda yo‘lkira haqini naqd shaklda qabul qilish holatlarining oldini olish va bu boradagi nazoratni kuchaytirish;

yo‘lovchilar tomonidan yo‘lkira haqining QR-kodli chipta yoki elektron to‘lov tizimlari orqali to‘liq amalga oshirilishini ta’minlash;

bank kartalari orqali to‘lovlarni amalga oshirishga asossiz taqiq qo‘yish yoki yo‘lovchilarga tushunmovchilik tug‘dirish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik;

aniqlangan kamchiliklar yuzasidan belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rish.

Ta’kidlanganidek, jamoat transportida elektron to‘lov tizimining samarali ishlashi nafaqat hisob-kitoblarning shaffofligini ta’minlaydi, balki yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, haydovchilarning bevosita transport vositasini boshqarishga e’tiborini qaratish hamda tizimda tartib va nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi tomonidan jamoat transportida yo‘lkira to‘lovlarining belgilangan tartibda amalga oshirilishi yuzasidan nazorat tadbirlari davom ettiriladi.

Elektron to‘lov — shaffoflik, qulaylik va xavfsizlik garovi.