Samarqand viloyatida jamoat transporti xizmatlari sifatini oshirish, aholini transport bilan qamrab olish darajasini kengaytirish, elektron to‘lov tizimini rivojlantirish va yo‘lovchilar uchun qulay sharoit yaratish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda yo‘nalishlar faoliyatini takomillashtirish, avtobuslar harakatini real vaqt rejimida kuzatish, tarixiy va turistik maskanlarga jamoat transporti orqali yetib borish imkoniyatlarini kengaytirish hamda aholi murojaatlariga tezkor munosabat bildirish ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Viloyatda yo‘lovchi tashish tizimi: raqamlarda
Ayni paytda Samarqand viloyatida 125 ta tadbirkorlik subyekti 3 466 ta transport vositasi orqali yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 31 063 nafar fuqaro 32 424 ta transport vositasida o‘zini o‘zi band qilgan holda yo‘nalishsiz taksi xizmati bilan shug‘ullanmoqda.
Yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarida 598 ta avtobus, 144 ta mikroavtobus va 2 262 ta litsenziyalangan «Damas» rusumli transport vositasi faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, 26 ta korxona 126 ta sariq rangli yengil avtomobil orqali yo‘nalishsiz taksi xizmatini ko‘rsatmoqda.
Viloyatda jami 290 ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishi mavjud. Shundan 158 tasi avtobus, 3 tasi sayyohlik ekspress va 129 tasi yo‘nalishli taksi yo‘nalishlaridir.
Hozirda 166 ta yo‘nalishda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatilmoqda. Qolgan 124 ta yo‘nalishda esa transport vositalari yetishmasligi sababli qatnovlar to‘xtab qolgan.
2026-yil 22-oktyabr holatiga ko‘ra, viloyatdagi mahallalarning 79,4 foizi jamoat transporti bilan qamrab olingan. Jumladan, mavjud 1 063 ta mahallaning 844 tasida jamoat transporti qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Qolgan 219 ta mahallada ham transport qatnovini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Avtobuslar harakatini telefon orqali kuzatish mumkin
Jamoat transporti tizimiga raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali yo‘lovchilarga safarlarini oldindan rejalashtirish va kerakli manzilga qulay yetib borish imkoniyati yaratilmoqda.
Jamoat transporti yo‘nalishlari raqamli xaritalarga joylashtirilgan bo‘lib, yo‘lovchilar ATTO mobil ilovasi, 2GIS va boshqa internet xaritalari orqali avtobuslar harakatini real vaqt rejimida kuzatishlari mumkin.
Buning uchun mobil qurilma orqali kerakli yo‘nalishni tanlash kifoya. Natijada yo‘lovchilar o‘z manziliga qaysi avtobus orqali yetib borishni oldindan rejalashtirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Shuningdek, yo‘lovchi tashish jarayonlarini masofadan nazorat qilish maqsadida transport vositalariga GPS qurilmalarini o‘rnatish va ularni yagona nazorat tizimiga integratsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Samarqand viloyati Transport boshqarmasida situatsion markaz tashkil etilgan. U orqali yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatayotgan transport vositalari harakatini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyati yaratilgan.
Ushbu choralar qatnovlar nazoratini kuchaytirish, xizmatlar sifatini oshirish va yo‘lovchilar uchun yanada qulay transport tizimini shakllantirishga qaratilgan.