Samarqandda yo‘l harakati tartibini yaxshilash bo‘yicha kompleks choralar belgilandi

Chop etish Sahifani ulashish
06.12.2025 12 Yangiliklar

Samarqandda yo‘l harakati tartibini yaxshilash bo‘yicha kompleks choralar belgilandi

 Samarqand shahrining “Dahbed” va “Rudakiy” ko‘chalari chorrahasida yuzaga kelayotgan tirbandliklarning oldini olish maqsadida Samarqand viloyati Transport boshqarmasi va viloyat IIB JXX YHXB rahbariyatii hamda boshqa mutasaddi tashkilot rahbarlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.

 O‘rganish jarayonida yer osti o‘tish yo‘lini tartibga keltirish, piyodalarning belgilanmagan joylardan o‘tish holatlarini kamaytirish maqsadida temir panjaralar o‘rnatish, shuningdek yo‘lovchi tashish faoliyatini amalga oshiruvchi transport vositalarining harakatini tartibga solish bo‘yicha bir qator takliflar ko‘rib chiqildi.

 

 Qo‘shimcha chora-tadbirlar:

— Chorrahada mavjud kuzatuv kameralari faoliyatini kuchaytirish;

— Sohaviy xizmat xodimlari tomonidan kuchaytirilgan reyd tadbirlarini o‘tkazish;

— Bekatlarda avtobuslarning uzoq vaqt to‘xtab qolishining oldini olish;

— Piyodalar yo‘lakchasiga avtomashina qo‘yib ketish holatlariga chek qo‘yish.

 

O‘rganish davomida yer osti o‘tish yo‘lining yoritilishi yetarli emasligi, muntazam tozalanmayotgani hamda ta’mirtalab holatga kelib qolgani aniqlanib, mazkur kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha vakolatli organlar bilan hamkorlikda ish olib borish zarurligi ta’kidlandi.

 

Tumanlardan kirib keluvchi yo‘lovchi tashish vositalarining harakatini tartibga solish maqsadida ularning “Motrid” qo‘rg‘onidagi avtoshox bekatda to‘xtashi bo‘yicha qat’iy choralar belgilandi.

 

  Hududda tartib o‘rnatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar berib boriladi.