Ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqandyo‘lovchitrans” DM tasarrufida bo‘lgan shahar avtobus yo‘nalishida harakatlanuvchi elektrobuslarning haydovchilaridan norozi bo‘lgan yo‘lovchilarning murojaati tarqaldi.
Mazkur murojaatlarda ko‘rsatilgan holatlarni bartaraf etish, xizmat ko‘rsatish jarayonida haydovchi va yo‘lovchi o‘rtasida samimiylikni ta’minlash hamda tashuvlarda xizmat sifatini oshirish yuzasidan yo‘nalishda xizmat ko‘rsatuvchi “Samarqandyo‘lovchitrans” DM rahbariyati haydovchilar bilan tegishli tartibda tushuntirish ishlarini olib bordi.
Har bir haydovchi jamoat transportiga qo‘yilgan talablar asosida xizmat ko‘rsatishi shartligi yuzasidan ogohlantirildi. E’tirozlarga sabab bo‘lgan yo‘nalishdagi avtobuslarning haydovchilari to‘liq nazorat ostiga olindi.
Samarqand viloyati Transport boshqarmasi jamoatchilik nazorati asosida muammoni yoritgan barchaga minnatdorlik bildiradi.
Hech bir murojaat e’tiborsiz qoldirilmaydi.