Tadbirkorlar huquqlari himoya ostida

Samarqand viloyati transport boshqarmasi binosida yo‘lovchi tashish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlarini qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar bilan tanishtirish, shuningdek, ularni qiynab kelayotgan muammolarga yechim topish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida ochiq muloqot tashkil etildi.
Dastlab viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i R.Tojiyev sohada tadbirkorlikni boshlash va shug‘ullanish uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni yetakchi inspektori J.Tursunov esa mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish borasida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, tadbirkorlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar xususida batafsil to‘xtaldi.
Shuningdek, mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi Samarqand viloyati hududiy bo‘limi boshlig‘i E.Murodov qatnashib, yo‘lovchi tashish faoliyatida tadbirkorlik subyektlari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan huquqbuzarlik holatlarining oldini olish, sohaga doir qarorlarga amal qilgan holda tashuvlarni tashkil etish bo‘yicha tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan mazkur tadbirda tadbirkorlik subyektlari ish faoliyati davomida duch kelayotgan bahsli holatlar yuzasidan mutasaddilardan javob olishdi.
Tomonlar qizg‘in savol-javob va bahs-munozara ostida o‘tkazilgan bunday uchrashuvlarni doimiy tashkil etish bo‘yicha kelishib olishdi.