0%ga kattalashtirish
0% ga kattalashtirish
#Munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda 74-sonli “Sartepa maskani-Avtovokzal” shahar avtobus yo‘nalishida harakatlanuvchi, davlat raqami 30/943 LBA bo‘lgan avtobus haydovchisi tomonidan yo‘lkira haqini bank kartasi orqali bir yo‘lovchi bir necha yo‘lovchi uchun to‘lashga ruxsat bermaganligi va qo‘polligi yuzasidan murojaat tarqaldi. Shuningdek, keyingi vaqtlarda aynan yuqoridagi kabi holatlar bo‘yicha yo‘lovchilar tomonidan e’tirozlar bo‘lmoqda.
Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:
Murojaatda ko‘rsatilgan holat qayta takrorlanmasligi hamda jamoat transportida xizmat sifatini yaxshilash maqsadida 74-sonli “Sartepa maskani-Avtovokzal” shahar avtobus yo‘nalishida xizmat ko‘rsatuvchi “Marokand Trans 777” MChJda haydovchilar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borildi. Unda haydovchilarga yo‘lovchilar bilan muloqotga kirish jarayonida samimiy bo‘lish, ehtiroslarga berilmaslik, qo‘pollik qilmaslik yuzasidan ogohlantirish berildi. Shuningdek, korxona rahbariyatiga haydovchilar o‘rtasida navbatdan tashqari yo‘riqnoma o‘tkazish, elektron to‘lov borasida tushuncha berish vazifasi yuklatildi.
Shu o‘rinda yo‘lovchilarga eslatib o‘tmoqchimiz:
Bugungi kunda yo‘lovchilarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida Samarqand shahar jamoat transportida (avtobuslarda) bank plastik kartalari hamda ATTO yagona transport kartasi orqali yo‘lkira haqini to‘lash imkoniyati yaratilgan. Bunda bir yo‘lovchi sayohat davomida BANK PLASTIK KARTALARI orqali o‘zi hamda yaqinlari uchun to‘lovni amalga oshirishi mumkin, ya’ni cheklov o‘rnatilmagan. Faqatgina yo‘lovchi to‘lovni amalga oshirish jarayonida haydovchini ogohlantirishi talab etiladi.
ATTO transport kartalari egalari esa faqatgina o‘zi uchun yo‘lkira haqini amalga oshirishi lozim. Sababi Samarqand viloyati hokimining 2025-yil 15-apreldagi “Samarqand shahar jamoat transportida tarif tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” qarori bilan ATTO yagona transport kartasi foydalanuvchilari uchun chegirmali tariflar joriy etilgan. Aniq qilib aytadigan bo‘lsak, yo‘lovchi BIR SOAT DAVOMIDA avtobuslardan almashib foydalanish jarayonida birinchi avtobusda 2 000 (ikki ming) so‘m, ikkinchi avtobusda 1000 (ming) so‘m to‘laydi, uchinchi yoki to‘rtinchi avtobusdan foydalanish mutlaqo bepul bo‘ladi. Bunda ATTO yagona transport kartasini validatorga tekkizib o‘tishi lozim.
Samarqand viloyati Transport boshqarmasi jamoat transporti rivojlanishiga hissa qo‘shayotgan, jamoatchilik nazorati ostida uning muammolarini yoritib bergan barchaga minnatdorlik bildiradi.
