0%ga kattalashtirish
0% ga kattalashtirish
“Bizning vazifalarimizni qay darajada bajarayotganimizga berilgan eng muhim baho — yo‘lovchilarining fikri. Ijtimoiy tarmoqlarda salbiy fikrlar e’lon qilinayotgan ekan, demak, ish samaradorligi yetarli darajada emasligini anglatadi”
Brutto-shartnomasi tizimida faoliyat yuritayotgan avtobuslar harakatini tartibga solish orqali tashuvlarda xizmat sifatini yaxshilash, jamoat transportida aholining kayfiyatiga salbiy ta’sir etuvchi noxush holatlarga barham berish maqsadida Samarqand «Yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish» davlat muassasasida tanqidiy-tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda boshqarma boshlig‘i R.Tojiyev ishtirok etib, jamoat transportini nazorat qilishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni tanqid ostiga oldi. Jumladan, avtobuslar harakatini muntazam kuzatib borish, qatnovlarni o‘z vaqtida amalga oshirilishini kuzatib borish, bekatlarda ortiqcha to‘xtalishlarga barham berish asosiy vazifalar ekanligi ta’kidlandi.
- Brutto-kontrakt tizimida yo‘nalishlarda ishlovchi haydovchilar faoliyatini nazorat qilish kompyuter ekrani ortidan emas, balki bevosita avtobuslarda amalga oshirilishi zarur. Har bir xodim har kuni yo‘lovchi sifatida o‘ziga biriktirilgan yo‘nalishni to‘liq bosib o‘tishi va brutto-kontrakt talablariga rioya etilmaslik holatlarini — haydovchilarning tashqi ko‘rinishidan tortib yo‘nalishdan chekinish holatlarigacha — qayd qilib borishi kerak, — dedi Ravshan Tojiyev.
Muhokama davomida haydovchilarning kiyinish va muloqot madaniyatiga, avtobuslarning sanitar tozaligiga e’tibor qaratish, jamoat transportining ish vaqtiga qat’iy amal qilishini nazorat qilish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.